ROMIZ RAVSHAN NAFAS (kitoblar kitobi)

 Abdulkarim BAHRIDDIN tarjimalari

BIROZ UZUN BO’LDI UMRIM, SHEKILLI…

Biroz uzun bo‘ldi umrim, shekilli,
Ehtimol, do‘stlar ham toriqdi biroz…
Meni yedirmoqdan charchadi dunyo,
suvlari charchadi, noni charchadi.
Meni kezdirmoqdan bezdi yo‘llari,
ko‘zimga boqmoqdan osmoni charchadi.
Izlaganlar istab charchadi,
Badgumon yomonlab charchadi –
biroz uzun bo‘ldi umrim, shekilli.
Yo‘llar tovonimning ostidan qochar.
Deydilar tush boshqa,
bunaqa bo‘lmas,

Shoirda ishtaha bunaqa bo‘lmas –

do‘stlar ham o‘zgacha boqar yuzimga.

Qanchalar do‘stim bor,

shahar to‘ladir,

Ko‘pining ko‘nglida kadar to‘ladir.

Jo‘radan,

qardoshdan,

o‘zgadan o‘ksib,

Baxtidan, o‘zidan, ko‘zgudan o‘ksib,

ko‘pi yig‘lamoqqa bahona izlar.

Oz qoldi, oz qoldi, chidang, degayman,

Do‘stlar, chidang, men ketajak kun yetar.

 

Hech narsaga kuchim yetmasa-da,

qora kiyim kiydirmoqqa,

do‘stlarni yig‘latmoqqa

kuchim yetar…

 

Lekin kuchim yetmas, na qilay, axir,

na qilay, axir, men sho‘rlik,

kuchim yetmayapti bu dunyodan ketmoqqa.

Bu dunyo Darband qal’asi,

Na yo‘li bor, na yo‘lkasi,

Qardoshim, odam bolasi,

kuchim yetmas bu dunyodan ketmoqqa.

 

Yashil-yashil maysalari

chirmashar qo‘l-oyog‘imga,

Rangpar bulutlari bosar boshimdan,

Soylari suv olar ko‘zim yoshidan,

ignala go‘r qaza-qaza,

tizzam-la yer keza-keza

O’tdim bu umrimning o‘ttiz yoshidan –

kuchim yetmas bu dunyodan ketmoqqa.

 

Ketimdan og‘ir burganlar,

Shoirlarning ehsonini yeganlar,

Shoir odam yosh o‘ladi, deganlar,

Mening shoir bo‘lmoqqa kuchim yetmas,

O’ldiringlar meni, o‘lmoqqa kuchim yetmas –

kuchim yetmas bu dunyodan ketmoqqa…

 

QADRIMNI BILMADI BU ODAM MYeNING…

Ko‘zgudagi aksim qarshisida

 

Bilmadim, bu qaydan topdi umrimni,

Bir asov ot kabi chopdi umrimni,

Tog‘larga, toshlarga otdi umrimni.

Bu odam qadrimni bilmadi mening –

Allohim, ol meni buning dastidan!

 

Koshkiydi, umrimni bu yer yuzida

Bir o‘zga odamga duch aylasayding,

Meni odam emas, qush aylasayding

Yoki bir qop-qora tosh aylasayding.

Meni bu odamga sen nega qo‘yding,

Allohim, ol meni buning dastidan!

 

Ol meni, ber meni, o‘zgalarga ber,

Siniq oynalarga, ko‘zgularga ber,

Bo‘linay, yuz burda, ming burda bo‘lay.

Bu odam yuzimga boqa olmasin,

Meni oynalarning siniqlaridan

to‘play olmasin hech, yig‘a olmasin –

Allohim, ol meni buning dastidan!

 

Bo‘linsam, dardim ham bo‘linar, balkim,

har dardim yuz burda, ming burda bo‘ldi.

Bir dardim qolmadi o‘zimdan ulkan,

barcha dardlarimdan men ulkan bo‘ldim.

 

Bu yerning ustida, osmon ostida

bo‘linsam, har burdam har yonga tushsa….

Qachondir, dilingning shod soatida,

Allohim, qaytadan yodingga tushsam,

Yangidan to‘plasang siniqlarimni,

Siniq qo‘llarimni, oyoqlarimni,

Og‘zimni, burnim va quloqlarimni,

Allohim, yangidan yaratsang meni,

dunyoda eng go‘zal ko‘zgu bo‘laman.

 

Yangidan dunyoga yo‘llasang meni,

bu odam bo‘lmayman, o‘zga bo‘laman –

Allohim, ol meni buning dastidan!..

 

QORA KIYGAN AYoL

 

Kishilar bir bo‘lmas, otam bolasi,

qo‘rqog‘i bor,

mardi bor.

Ammo har kimning o‘lganidan so‘ng

qabri uzra yig‘laguvchi

Bir qora kiyingan go‘zal ayoldan

umidi bor.

 

Sen o‘lganda

kim bo‘ladi ko‘zlaringni bog‘lagan?

Do‘stingmi bo‘ladi?

Yotmi bo‘ladi?

Bu dunyoda, balkim, sen deb eng ko‘p yig‘lagan

Sen eng ko‘p yig‘latgan xotin bo‘ladi.

 

Ko‘z yoshlari yuvar qabrtoshingni,

Qabringda to‘lg‘onib

deysan, xudoyim,

Yillar bo‘yi men yig‘latgan bu ayol

qayda yana asragandir

bu qadar ko‘z yoshini?!

 

Biror marta

na sochini siladim,

na-da ko‘z yoshin artdim,

Qorachig‘imga botar endi

sochining har tolasi,

Yillar bo‘yi

bu ayolga men, axir, dard yetkazdim.

Nega endi chekar dardimni?!

 

Bu ayol qabr toshimni

o‘pib silaguncha,

Mushti bilan ursa,  ursa yaxshi edi,

Qabrimning ustida qon yig‘laguncha,

Qarg‘ab, qaqshab tursa, yaxshi edi.

 

Ket, keta qol,

qora kiygan ayol,

Yig‘ingni to‘xtata qol, qora kiygan ayol.

Bu qabr ham ming qabrning biridir,

etar, qabrtoshni bosma bag‘ringga,

Barcha men deb yig‘laganlar tinchidi,

bas, go‘r ichiga tomayotir, yig‘lama…

 

 

ShAHARNING YoG’DULARI

 

Bu shaharning yog‘dulari

Menga jim qo‘nishar, singlim.

Ko‘zlarimdan o‘tib-o‘tib,

Yuragimga tushar, singlim.

 

Yog‘du tushar ust-boshimga,

Ustu boshim yorug‘lanar.

Yog‘du tushar ko‘z yoshimga,

Ko‘zda yoshim yorug‘lanar.

 

Yorug‘ tushar kunlarga-da,

Oylarga-da, yillarga-da,

Mendan biroz ilgarida

O’ttiz yoshim yorug‘lanar.

 

…Uzoqlashar, uzoqlashar

Qishlog‘imiz qorong‘usi.

Yana ham qop-qoralashar

Qishlog‘imiz qorong‘usi.

 

Oh chekarman, ohim ketar,

Borim ketar, yo‘g‘im ketar,

Kechalari uyqum ketar

Qishlog‘im qorong‘usiga.

 

Yangi ko‘ylaging egningda,

Yangi ro‘moling yelkangda,

Qayga ketarsan, ey momo?!

-Qishlog‘im qorong‘usiga…

 

Kesdilar, yana bitdingiz,

Umrimni yashil etdingiz,

Daraxtlar, qayga ketdingiz?

-Qishloqning qorong‘usiga….

 

Bu shaharning yog‘dulari

O’rnimdan qo‘pordi meni,

Tirik qo‘ymayin, qo‘ymayin

Yog‘dular obordi meni.

 

Ko‘p turdim, tura bilmadim,

Bunga ne chora – bilmadim,

Tosh otib ura bilmadim

Shaharning yog‘dularini.

 

Ko‘ndim oxiri, yarashdim,

Dardimni aytdim, tanishdim.

Qorishdim, men ham qorishdim

Shaharning yog‘dulariga.

 

Yorug‘landim, yorug‘landim ,

Kimman – bilinmayman endi.

Yorug‘landim, yorug‘landim,

Qarang – ko‘rinmayman endi…

 

ZYeRIKISh

 

Bu qandayin charchoqdir,

Axir, bundoq kim zerikar?!

Cho‘ntakda qo‘lim zerikar,

Og‘zimda tilim zerikar.

 

Zerikar qoshim-qovog‘im,

Zerikar ko‘rpam-to‘shagim,

Uyga kirsam -  uy-eshigim,

Yo‘l yursam, yo‘lim zerikar.

 

Yo‘limga qizlar chiqsalar,

Kulib yuzimga boqsalar,

Yoqamga bir gul taqsalar,

Yoqamda gulim zerikar.

 

Qayga otay bu qayg‘uni?!

Na boshi bor, na yakuni…

Bilaman, jim poylab meni

Qaydadir o‘lim zerikar.

 

ShAM

 

Fuzuliy yodiga

Yuz yillardir bir sham yonar,

Shamollar so‘ndira bilmas

Ming-minglab qo‘llar cho‘zilar,

Shu’lasini tera bilmas.

 

Qorong‘udir so‘lu sog‘i,

Yongan shamning ne gunohi?!

Eriydi, to‘kilar yog‘i,

O’lar,

o‘lar,

o‘la bilmas.

 

Tomchi-tomchi, zarra-zarra,

Kundan-kun uzilgan jon-la,

Yig‘laydi har yig‘lagan-la,

Har kulgan-la kula bilmas.

 

Isintirar sho‘rliklarni,

Qo‘rqitadi bo‘rilarni.

Yoritadi narilarni,

O’z tubini ko‘ra bilmas.

 

Ketganlar qaytar uzoqdan

 

Ketganlar qaytar uzoqdan,

Cho‘ponlar qaytar ovloqdan,

O’pichlar qaytmas yonoqdan,

So‘z quloqdan qaytgan emas.

 

Xudoning bergan kechasi,

Yonar, o‘t olar nechasi,

Parvonalar nasl-nasl

Shamchiroqdan qaytgan emas.

 

Shoir odam kunduz-kecha

O’z qonini simirib ichar.

Bo‘yiga bichgan oq kafan –

Oq varoqdan qaytgan emas…

 

 

 

 

QORNIDA TO’QQIZ OY KO’TARGAN AYoL

 

Kecha-kechagacha yosh bolang edim,

bir o‘ynoq, telbaroq o‘g‘il edim, ona.

Kunduzdan, kechadan,

cho‘ldan, ko‘chadan,

Dushman ta’nasidan,

do‘st ginasidan,

Necha qiz ko‘zidan, qiz yuragidan

uzildim, sigrildim, sug‘rildim, ona.

Qaytadan qaytdim men o‘z avvalimga,

bir ayol ichiga yig‘ildim, ona –

to‘qqiz oy qornida ko‘targan ayol.

 

Bu xira ko‘zlarim tiniqdi birdan,

birdan yuragimning tubi ko‘rindi.

Dunyoning yo‘llari uzildi birdan,

bo‘ynimda tolening ipi ko‘rindi.

Umrim kosa kabi tushdi qo‘limdan,

sinmagan narsalar sinuvchi bo‘ldi.

Butun yo‘llarimni olding qo‘limdan,

butun yo‘llarimning so‘ngi sen bo‘lding –

to‘qqiz oy qornidla ko‘targan ayol.

 

Qornida to‘qqiz oy ko‘targan ayol,

boshimni tizzangga qo‘yib yig‘larman,

Bu o‘tgan umrimning gunohlarini

ko‘zimning yoshi-la yuvib yig‘larman.

Yuragim ming yerdan ming bir dard chekar,

dardimu g‘amimni bo‘g‘a bilsayding.

Bu o‘tgan umrimning ustidan chizib,

koshkiydi, qaytadan tug‘a bilsayding –

to‘qqiz oy qornida ko‘targan ayol.

 

Balkim, boshqa odam bo‘lardim shunda,

bu g‘amni o‘zimdan quva olardim.

Balkim, sevinardim, kulardim shunda,

balkim, seni ham xush seva olardim.

 

… Bir yo‘l bor

cho‘zilar to o‘limgacha:

Bu yo‘l sabrimdir mening.

Qornida to‘qqiz oy ko‘targan ayol,

Qorning qabrimdir mening…

 

 

DUNYo MYeNGA JUDA TANISh

 

Yursam, izim ulkanlashar,

Jimsam – so‘zim ulkanlashar.

Boqsam, ko‘zim ulkanlashar –

Dunyo menga juda tanish.

 

Uning tog‘i-dashti tanish,

Yozi tanish, qishi tanish.

Ko‘zlarimning yoshi tanish,

Dunyo menga juda tanish.

 

Avval ham kelganmanmi yo?

Kelganu ko‘rganmanmi yo?

Yashagan, o‘lganmanmi yo –

Dunyo menga juda tanish.

 

FAQAT SYeNING YuZING KULSIN

 

Mening yuzim kulgan emas,

Faqat sening yuzing kulsin.

Meni ko‘rsa: “Amaki!” – deb,

O’g‘ling kulsin,

qizing kulsin.

 

Men-ku senga yarashmadim,

So‘z demadim, taloshmadim.

Yulduzimiz yonishmadi,

Kel,

sening yulduzing kulsin.

 

Yuz yil g‘am ko‘rma, qarima,

Bir sahar chiqib yo‘limga,

Tuz sepsang eski yaramga,

Yaram kulsin,

tuzing kulsin…

 

ZULFLARINGNI YeL BOSADIR

 

Sochlaring tebranar tinmay,

Ro‘molingni yel bosadir.

Talpinib, tuta olmayman,

Ushla, meni ter bosadir.

 

Yuvindim, terda yuvindim,

Oxir charchadim, toyindim.

Qaytdim,  ko‘rdimki, to‘yingdir –

Ko‘rdim, seni er bosadir.

 

Sochingga gullar taqarsan,

Barmoqqa xino yuqarsan.

Sen unda ko‘kka boqarsan,

Bunda meni yer bosadir…

 

 

QO’Y BO’LMOQLIK QIYIN IShDIR

 

Bu dunyoning azobi ko‘p,

Haqqidan ham hisobi ko‘p.

Qo‘yidan ham qassobi ko‘p –

Qo‘y bo‘lmoqlik qiyin ishdir.

 

Bo‘yningda arqon sollanib,

Bir tutam o‘tga aldanib,

Yeb, semirib, lazzatlanib

Qo‘y bo‘lmoqlik qiyin ishdir.

 

Kundalar qoraygan yurtda,

Pichoqlar jon olgan yurtda,

Cho‘ponlar och bo‘lgan yurtda

Qo‘y bo‘lmoqlik qiyin ishdir.

 

It bo‘lib hurmadik oyga,

Yengdi bizni istihola,

Qo‘zi bo‘lmay turib avval

Qo‘y bo‘lmoqlik qiyin ishdir.

 

QURBONLIQQA OLINGAN QO’ZI

 

Bu hovlida yotgan qo‘zi,

Uyquda ko‘rganing nedur?

Nafaslaring totli, uzun,

O’t kabi terganing nedur?

 

Totlanib, vaqting chog‘lanib,

Qizil bo‘yinbog‘ bog‘lanib,

Tumorlanib, bezaklanib,

Bu uyga kelganing nedur?

 

Sevinarsan, hozir to‘qsan,

Yashil o‘tdir qayga boqsang…

Men bilaman – qurbonliqsan,

Bas, sening bilganing nedur?!

 

BO’RI

 

Voqif Samado‘g‘liga

 

Balkim, men ham bo‘ri edim

Dunyoning azal vaqtida,

Hali tuzuk tili chiqmay,

Har jonning cassiz vaqtida.

 

Har daraxti, guli nomsiz,

Chumolisi, fili nomsiz,

Ko‘p narsalar hali nomsiz

Aylanib, kezar vaqtida.

 

Bir edi hammaning baxti,

Yo‘qdir xushbaxti, badbaxti,

Baliqlarning uchgan vaqti,

Qushlarning suzar vaqtida.

 

Balkim, so‘z ham bekor edi,

Hamma narsa dilbar edi,

Bo‘rilar ham yemas edi

Dunyoning go‘zal vaqtida.

 

NOZIK KAPALAK MURDASINI TALAShAYoTGAN

QORA-QORA ChUMOLILAR

 

Qora-qora chumolilar,

kapalakni nayladingiz?!

To‘plandingiz, to‘p bo‘ldingiz,

Qanot-qanot qo‘pordingiz,

Tashidingiz, obordingiz,

kapalakni nayladingiz?

 

Ayrildi kun yorug‘idan,

Ko‘kning kamalak tug‘idan,

Qulog‘im bitdi, tom bitdi

Gullarning qichqirig‘idan,

kapalakni nayladingiz?

 

Dardi tushar og‘izlarga,

Dod aylar, chaqirar sizni.

Na yedirar, na to‘ydirar,

Na qishdan chiqarar sizni,

kapalakni nayladingiz?!

 

ODAM

Do‘stim Notiq SAFAROVga

 

Endi meni kim ovutar,

Ey, meni ovutgan odam?!

O’zga dardin ko‘rgan vaqti

O’z dardin unutgan odam.

 

Xush so‘zini, qilig‘ini,

Go‘dakday sof yo‘rig‘ini,

Dasturxonin bor-yo‘g‘ini

Yeru ko‘kka tutgan odam.

 

Dunyoda na suv, na o‘t bor,

Dunyoda na do‘st, na yot bor,

Allohdan keyin bir ot bor:

Odam,

Odam,

Odam,

Odam!..

 

AYRILIQ

 

Yana bir shaharda yuzma-yuz keldik,

Nachora, boshqa bir shaharimiz yo‘q.

Eo‘timol, biz baxtli bo‘la olardik,

Ehtimol, baxtlimiz,

xabarimiz yo‘q.

 

Oradan shuncha yil o‘tib ko‘rganda –

Taniy olmadim men,

meni kechirgin.

O’ylardimki, sensiz o‘lib qolarman,

Men o‘lmadim sensiz,

meni kechirgin!

 

“O’lmadim…” – deyapman, ne bilay, axir,

Ehtimol, men sensiz o‘lib qolganman,

Qabrsiz, kafansiz o‘lib qolganman.

Ehtimol, biz unda ayrilmasaydik,

Na men endigiydim,

na sen endigi –

Ayrildik, shaytonni kuldirdik unda:

Bu yilning,

bu oyning,

bu kunnidagi

Mana shu ko‘chaning shu burchidagi

meni ham, seni ham o‘ldirdik unda.

So‘limiz, sog‘imiz odamga to‘la,

Qo‘l ushlashib erlar, xotinlar o‘tar.

O’zidan xabarsiz,

umrida ming bor

O’zini o‘ldirgan odamlar o‘tar,

O’tar o‘z qoniga botgan odamlar.

Darvoqe, qon qani?

Qon, axir, yo‘qdir…

Hamma gunohkordir dunyoda,

ammo

Dunyoda hech kimning gunohi yo‘qdir.

 

Bizsiz bitilmishdir bu tole, bu baxt,

Palahmondan uchgan bir juft toshmiz biz.

Balkim, bu dunyoda

o‘n-o‘n besh yilmas,

Bundan ming yil avval ayrilmishmiz biz.

 

Halol yo‘limizni qo‘yib,

ne uchun

Adashdik, bir o‘zga yo‘ldan ketdik biz.

Balkim, ming yil avval sahv tushib nedir,

Ming yillik xatoga qurbon ketdik biz.

 

Almashdi o‘rnini, balkim, qish-bahor,

Qorishdi dunyoning shahari, kenti.

Balkim, o‘z ichida o‘gay onalar

O’gay bolalarni ko‘tarar endi.

 

Umrim boshdan oyoq yolg‘ondir, balkim,

Toleim o‘zgadir rostdan ham mening.

Huv yo‘ldan o‘tgan qiz

onamdir, balkim,

Ehtimol, o‘g‘limdir bu o‘g‘lon mening.

 

Bu yolg‘on umrimda

sen o‘zing nesan?

Balkim, hech sevgilim emassan mening.

Onamsan,

singlimsan,

momomsan,

kimsan?!

Faqat Alloh bilar, kimimsan mening.

 

Bizni kim ayirar bu ayriliqdan,

Yetmas dodimizga na yo‘l, na ko‘prik.

O’liksan, tiriksan, har nesan, to‘xta!

To‘xta, hech bo‘lmasa, qo‘lingdan o‘pay…

 

Degaysan: “O’lganman men,  o‘likni o‘pma…”

Qo‘limning kaftida

qo‘ling uvushar.

Degaysan: “Xayringni bersin, qo‘limni o‘pma,

qaragin, qo‘limdan qon isi kelar…”

 

 

YO’QLOV

Rasul muallim va Nigorxonim xotirasiga

 

Zolim dunyo – o‘z ishida,

Kelishida-ketishida,

Kel, yig‘laylik, yetmishida

Sevgilidek o‘lganlarga.

 

Yuragi ming xil dard ko‘rib,

Ko‘zi ming xil sifat ko‘rib,

Go‘zal-dilbar umr surib,

Go‘zal-dilbar o‘lganlarga.

 

O’tib butazor to‘sindan,

Tikonlarning orasindan,

Qon sizsa ham yarasindan,

Qo‘lda  chechak o‘lganlarga…

 

 

BU DYeRAZA SYeNIKIDIR

 

Senikidir bu deraza,

Ipak pardasi qalqadir.

Derazangda begonaning

Qora ko‘lkasi qalqadir.

 

O’tib so‘lu sog‘dan endi,

Boqarman uzoqdan endi.

Men chekkan bu ohdan endi

Bu yerning yuzi qalqadir.

 

Tebranar maysa, yaprog‘i,

Tebranar toshu tuprog‘i.

Yerdan ko‘kka chiqar ohim –

Oyu yulduzi qalqadir.

 

Qalqadir eshik-derazang,

Xo‘rsinib, yo‘lga boqarsan.

Zilziladir, yo‘qsa nega –

Derazang o‘zi qalqadir?!

 

BOShI KYeSIK GO’ZAL TUT

Pilla qurtiga yedirish uchun chavaqlangan tutlarga

 

Boshi kesik go‘zal tut,

bu dog‘ni senga kim suqdi?

Boltani senga kim urdi,

pichoqni senga kim suqdi?

 

Ipakg‘ipak yaproqlaring

qurtlar aro talandimi?

Bilakday oq butoqlaring

o‘choqlarga qalandimi?

 

Kuydingmi qismatning achchiqligidan?

Zolimlar qaytmadi zolimligidan,

Yiqilding qo‘l yetmas balandligingdan,

boshi kesik go‘zal tut…

 

Go‘zal tutim, izillama, bo‘zlama,

na boltalar, ka pichoqlar qolajak.

Samovotdan yiqilsang-da, g‘am yema,

sen yiqilgan samovotlar qolajak.

 

Dunyoning qurtlari o‘tar,

qori, yog‘ishi o‘tar,

Qator-qator qushi o‘tar,

Tosh otarlar – toshi o‘tar

sen yiqilgan balandlikdan.

 

Umidli ko‘zlar tikilar,

Yosh niholchalar ekilar

sen to‘kilgan balandlikda…

 

Mendan senga salom bo‘lsin,

boshi kesik go‘zal tut!

Bolam bo‘lsa, bolang bo‘lsin,

boshi kesik go‘zal tut.

 

Egilib ko‘ksingga boshim qo‘yarman,

suyagim nay qilib chalasan mening.

Poyingga bir uy bo‘lar oshni uyarman,

uyimning tirgagi bo‘larsan mening.

 

Go‘zal tut,

yaralaring bitsin, sog‘aysin.

Bu dunyoda na boltalar,

na pichoqlar qolajak.

Samovotdan yiqilsang-da,

yana joning sog‘ bo‘lsin,

Bu dunyoda

sen yiqilgan samovotlar qolajak…

 

BO’G’ILAR

 

Dunyoning suvi bulg‘anar,

Baliq deb qarmoq bo‘g‘ilar.

Bulg‘anar, ko‘ki bulg‘anar,

Ko‘kida Alloh bo‘g‘ilar.

 

Ko‘p cho‘kkan yerida cho‘kar,

Dodiga kelgan ham cho‘kar.

Aqlli chuqurroq cho‘kar,

Sayozda axmoq bo‘g‘ilar.

 

Birovi nag‘mali-sozli,

Birovi boshi qafasli,

Birovi ko‘ylak-libosli,

Birov yalang‘och bo‘g‘ilar…

 

 

YIG’LAMA, BINAFShA MOMO

 

Yig‘lama, Binafsha momo,

Axir, ne bor yig‘lagulik?

Sovg‘a ber besh nevarangga

Tugunchali, bog‘lamali.

 

Kim ko‘z tutdi, kim unutdi,

Kim bu darddan xabar oldi?

O’g‘illarni urush yutdi,

Nevarangni shahar oldi.

 

Oq sochlar deb dard aylama,

yashil-yashil o‘tlar chiqsa.

Ko‘kni tutib lo‘pillama

yig‘lagan bulutlar chiqsa,

yig‘lama, Binafsha momo!..

 

Yozasan: “Ko‘zim yo‘ldadir…”

Yozasan: “Qaddim bukildi…

O’t o‘rgan qo‘llar qaydadir –

O’tlar sarg‘ayib, to‘kildi…”

 

Maktub yozmoqqa vaqt qani,

Har dam o‘zing yo‘qla bizni.

Sarg‘ayib so‘lgan o‘tlarning

Qarg‘ishidan saqla bizni, -

Yig‘lama, Binafsha momo!..

 

Boshingdan quv xayollarni,

Xayollardan bosh aylanar.

Poezdlarning qatoriday

Ko‘zlaringda yosh aylanar.

 

Na yaqinda, na uzoqda,

O’roq o‘rgan pichandamiz.

Hali odam bo‘lmasak-da,

Qo‘rqma, odam ichindamiz,

Yig‘lama, Binafsha momo.

 

DUNYo BYeXOS YoRUG’LANSA

 

Bir oftob chiqsa bir kecha,

Dunyo nogoh yorug‘lansa,

Shahar-shao‘ar, ko‘cha-ko‘cha,

Yotoq-yotoq yorug‘lansa.

Ko‘rardik, kimlarning qo‘li

kimlarning qo‘ynidan chiqar.

Kimlar egila-egila

kimlarning uyidan chiqar.

 

Oydin kun bo‘lsa bir kecha,

Ming-ming turli gunoh ko‘rsak.

Ustini yopa olmasa,

Dunyoni yalang‘och ko‘rsak.

 

Boshimizga nima kelar,

aqlimiz shoshar, ehtimol.

Hamma birdan bosh ko‘tarib,

denyodan qochar, ehtimol.

 

Bas, kim qolar bu dunyoda,

Go‘daklar qandoq uyg‘onar?!

… Yaxshiyamki, bu dunyomiz

Sekin-sekin yorug‘lanar..

 

3 comments

  1. Hurmatli Karim BAHRİEV, O’zbekistan Respubikasi Xalqaro Oltin Meros Xayriya Jamg’armasi Turkiya Bolumu’dan sizga salomlar va yangi saytingizi tabriklayman.
    Süleyman Merdanoğlu-Oltin Meros Ankara Bolumu Bashligi

  2. Muslim Musallam says:

    Bu tarjimalar 80 – yillar ohiri ilk to’lamingizda ham e’lon qilingandi nazarimda .Ramz Ravshan ijodi nihoyatda o’quvchi ruhiyatiga yaqinligi bilan ajralib turadi .

  3. Давронбек says:

    Шеърлар учун раҳмат, уларни таржима дегим келмайди. Анча олис лекин ҳеч қачон ёддан чиқмайдиган туйғуларни эсга солади улар….

Leave a Reply